O‘zbekistonda bolaga familiya berish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. 13 avgust kuni qabul qilingan qonun bilan Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, endi bolaga otasining yoki ota tomondan, shuningdek ona tomondan bobosining ismidan hosil qilingan familiya berilishi mumkin.
Avvalgi tartibda bolaga bevosita otasining ismidan hosil qilingan familiya berish imkoniyati nazarda tutilmagan edi.
Qonunni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar mazkur norma yo‘qligi fuqarolarning murojaatlariga sabab bo‘lib kelganini ta’kidlagan. Xususan, bolalar uyida tarbiyalangan yoki ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslar shunday holatlarga duch kelgan.
Ayrim fuqarolar bunday vaziyatlarda farzandi familiyasi bobosining ismidan hosil qilinishini istamasligi qayd etilgan.
Yangi tartib ota-onalarga farzandiga familiya tanlashda milliy va diniy an’analarni inobatga olgan holda ko‘proq imkoniyat beradi.
Shuningdek, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirish qancha turishi haqida ushbu maqolada batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.





