VALUTA KURSLARI:💱
USD12 050▲ +61.42
OB-HAVO:🌤
Toshkent33°Ochiq

"Drive" filmidagi afsonaviy Nightcall xiti muallifi Kavinsky vafot etdi

Kavinsky vafot etdi: "Drive" filmidagi Nightcall xiti muallifi 50 yoshida olamdan o'tdi

Fransiyalik DJ va prodyuser Kavinsky (asl ismi Vensan Belorj) 50 yoshida vafot etdi. Bu haqda France 24 fransuz OAVlariga tayanib xabar berdi.

Ma'lumotlarga ko'ra, musiqachi Parijdagi xonadonida vafot etgan holda topilgan. Favqulodda xizmatlarni u bilan bog'lana olmagan qo'shnisi chaqirgan. Dastlabki taxminlarga ko'ra, o'limning ehtimoliy sababi insult bo'lgan, biroq rasmiy xulosa hali e'lon qilinmagan.

Kavinsky Fransiyaning elektron musiqa sahnasidagi eng mashhur ijodkorlardan biri hisoblanadi. U faoliyatini 2000-yillar boshida boshlagan, ammo unga dunyo miqyosidagi shuhrat "Drive" (2011) filmi uchun yaratilgan Nightcall qo'shig'i orqali keldi. Ushbu trek synthwave yo'nalishining eng mashhur asarlaridan biriga aylandi.

2013-yilda musiqachi o'zining ilk studiyaviy albomi OutRunni taqdim etdi. Albom 1980-yillar avtomobillari va videoo'yinlari uslubidan ilhomlangan edi. Keyinchalik u ijodini davom ettirib, Renegade singlini ham chiqardi.

2024-yilda Kavinsky yana jahon e'tiboriga tushdi. U Parij Olimpiadasining yopilish marosimida belgiyalik xonanda Angèle bilan birga sahnaga chiqdi.

Bugun dunyo bo'ylab muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda musiqachining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirmoqda. U zamonaviy retro-elektron musiqa yo'nalishining eng yorqin vakillaridan biri va so'nggi o'n yilliklarning eng mashhur saundtreklaridan biri muallifi sifatida yodga olinmoqda.

Yangilik sizga qanday?
Yangilikni ulashish
TelegramThreads

O‘xshash yangiliklar

Yana ko‘rish