O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Cho‘lponota shahrida muzokaralar o‘tkazib, yakunda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Shu tariqa ikki davlat hamkorligi rasman yangi bosqichga ko‘tarildi.
Tomonlar keng qamrovli strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo, energetika, sanoat, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, ta’lim, ilm-fan, turizm, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy taraqqiyotning eng yuqori bosqichiga chiqqanini ta’kidladi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb 10 barobarga oshib, 1,2 milliard dollarga yetdi. 450 ta qo‘shma korxona tashkil etildi, Taraqqiyot jamg‘armasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat o‘rtasida 15 ta aviaqatnov va 5 ta avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tomonlar Davlatlararo kengash tuzishga, parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga, shuningdek o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun yetkazib berish hajmini oshirish va ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylarini ochishga kelishib oldi.
Muzokaralarda Qambarota GES-1 qurilishi, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi, chegara va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yil yakuniga qadar birinchi Hududlar forumini o‘tkazish, shuningdek madaniyat, yoshlar siyosati, ta’lim, ilm-fan, turizm va sport yo‘nalishlaridagi almashinuvlarni davom ettirish rejalashtirildi.
Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomadan tashqari, davlat chegarasining ayrim uchastkalari, Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish, davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti, ta’lim kreditlarini o‘zaro tan olish, shuningdek 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan madaniyat, turizm hamda agrosanoat majmuasi sohalaridagi hamkorlikka oid qator ikki tomonlama hujjatlar ham imzolandi.


