28-iyul kuni Yaponiyaning Kyusyu orolida joylashgan Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi.
Yaponiya Meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila epitsentri taxminan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, yer silkinishining intensivligi Yaponiya seysmik intensivlik shkalasi bo‘yicha eng yuqori — 7 darajani tashkil etdi.
Zilziladan so‘ng Ariake va Yatsushiro dengizlari hududi uchun sunami xavfi e’lon qilindi. Mutaxassislarning prognoziga ko‘ra, to‘lqinlar balandligi 1 metrgacha yetishi mumkin. Shu munosabat bilan sohilbo‘yi hududlari aholisi zudlik bilan balandroq va xavfsiz hududlarga ko‘chishga hamda favqulodda vaziyatlar xizmatlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga chaqirildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yer silkinishlari Kyusyu orolining bir qator hududlarida sezilgan. Jumladan, Kumamoto qal’asining ayrim tosh devorlari shikastlangan. Shuningdek, bir necha kishi jarohat olgani ma’lum qilingan. Hozircha keng ko‘lamli vayronagarchilik yoki ko‘plab qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Yaponiya hukumati ehtimoliy takroriy yer silkinishlari yuz berishi mumkinligidan ogohlantirib, fuqarolarni ehtiyot choralariga rioya etishga chaqirdi.


