Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi qarorida poytaxt transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ro‘yxati keltirilgan. Ular orasida Toshkent shahri atrofida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan, dastlabki qiymati 1 milliard AQSH dollariga baholangan ikki qavatli pullik halqa avtomobil yo‘lini barpo etish loyihasi ham mavjud.
Hujjatga ko‘ra, mazkur loyiha China Railway Construction kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, yettita tunnel va beshta yo‘l o‘tkazgichini qurish, shaharning 16 ta ko‘chasida 57 kilometr BRT tezkor avtobus yo‘laklarini tashkil etish, 279 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish kabi qator infratuzilma loyihalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, hujjatda qo‘shimcha yo‘l o‘tkazgichlari, yo‘l infratuzilmasi obyektlarini barpo etish, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash hamda yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tashabbuslar ham qayd etilgan. Ayni paytda mazkur loyihalar bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan memorandumlar imzolangan bo‘lib, ularni amalga oshirish masalalari belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.


