O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun barcha turdagi jarimalar miqdorini o‘rtacha ikki baravarga kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident ma’lum qildi.
Prezident ayrim davlat organlari tomonidan qo‘llanilgan jarimalardan mablag‘ olish amaliyotini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv tekshiruvlarning tadbirkorlarga bosim o‘tkazish vositasiga aylanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, balki tartibni ta’minlash va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak», — dedi Prezident.
Shu munosabat bilan barcha turdagi jarimalar miqdorini o‘rtacha ikki baravarga kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator choralar joriy etiladi:
▪️ davlat korxonalari tomonidan tovarlar xarid qilinganda tadbirkorlarga berilgan kafolat mablag‘larini avtomatik qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
▪️ 2027-yildan tadbirkorlar va davlat o‘rtasidagi nizolarda tadbirkorning haqligi prezumpsiyasi joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha, u aybsiz hisoblanadi va unga nisbatan jarima hamda boshqa ta’sir choralari qo‘llanilmaydi;
▪️ «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi. Agar tadbirkor birinchi marta qoidabuzarlik sodir etsa va inson hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, unga qoidabuzarlikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi. Qoidabuzarlik ixtiyoriy ravishda bartaraf etilsa, jazodan ozod qilinishi mumkin;
▪️ nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi sud jarayonining har bir bosqichida davlat bojini to‘lashi shart qilinadi;
▪️ Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Ekspert kengashining vakolatlari kengaytiriladi. Kengash endi bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Yangi choralar tadbirkorlarga nisbatan bosimni kamaytirish va jarimalarni qo‘llash tartibini o‘zgartirishga qaratilgan.




