O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni bo‘lib to‘lash xizmatlarini takomillashtirishga doir qarorni imzoladi. Hujjat 2027 yildan boshlab bo‘lib to‘lash uchun 110 mln so‘mlik limitni joriy etadi hamda banklar va MFOlardan tashqari bo‘lib to‘lash operatorlarini rasmiy tartibga solishni belgilaydi.
Qarorga ko‘ra, bo‘lib to‘lash obyekti qiymatining eng yuqori miqdori 250 BHM, ya’ni 110 mln so‘mdan oshmasligi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, bir qator qat’iy cheklovlar ham joriy etiladi: bo‘lib to‘lash shartnomasi muddati 12 oydan oshmasligi lozim, ko‘chmas mulk va muomaladan chiqarilgan mol-mulkni esa bo‘lib to‘lash asosida sotish taqiqlanadi.
Operatorlarga, shuningdek, jismoniy shaxslar mablag‘larini jalb qilish va moliyaviy iste’mol kreditlari berish ham taqiqlanadi. Bunda bo‘lib to‘lashning to‘liq qiymati ham cheklanadi: asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlarning jami miqdori, jumladan servis ustamasi, komissiya, jarimalar va penya, yiliga bo‘lib to‘lash summasining 50 foizidan oshmasligi kerak bo‘ladi.
Xaridorlar istalgan vaqtda bo‘lib to‘lashni muddatidan oldin komissiya va jarimalarsiz yopish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, operatorlar mijozlarni raqamli identifikatsiyadan o‘tkazishi, shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etishi va Markaziy bank belgilagan qarz yukining me’yoriga rioya qilishi shart etib belgilanadi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘lib to‘lash bozori hajmi 8,5 trln so‘mga yetgan. U yerda qayd etilishicha, ayrim xizmatlardagi ayrim tovarlar bo‘yicha haqiqiy ortiqcha to‘lov yillik 74 foizgacha yetgan, bu esa fuqarolarning moliyaviy barqarorligi uchun yashirin xavf tug‘dirgan.




