Shavkat Umurzakov Anhor.uz nashriga bergan intervyusida xodimlarni rag‘batlantirish va mehnat samaradorligini oshirish bo‘yicha yondashuvlari haqida gapirdi.
Uning ta’kidlashicha, hokimning asosiy talablaridan biri xodimlarning ish kunini soat 18:00 da yakunlab, uyiga vaqtida ketishidir. Ish hajmi qancha ko‘p bo‘lmasin, u xodimlarning o‘z vaqtida ishdan chiqishiga imkon yaratishga harakat qiladi.
Shuningdek, hokim xodimlarning shanba va yakshanba kunlari zarurat bo‘lmasa ishga chiqishini ma’qullamasligini bildirdi.
«Mening qat’iy talabim, masalan, ish kuni tugagach, soat oltida uyga ketish. Ish qancha ko‘p bo‘lmasin, ularning o‘z vaqtida ketishi uchun maksimal darajada harakat qilaman», — dedi Shavkat Umurzakov.
KPI tizimi va moddiy rag‘batlantirish
Shahar ma’muriyatida xodimlar faoliyatini baholash va rag‘batlantirish uchun turli mexanizmlar, jumladan, KPI tizimi joriy etilgan.
Biroq hokim budjet tashkilotida moliyaviy rag‘batlantirish imkoniyatlari cheklanganini ta’kidladi. Shu sababli u pul mukofotlari borasida katta imkoniyatlarga ega emasligini qayd etdi.
Moddiy rag‘batlantirishning asosiy yo‘nalishlari Toshkent shahrini obodonlashtirish sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarga qaratilgan. Ular uchun ish haqini oshirish va pul mukofotlari berish choralari ko‘zda tutilgan.




