VALUTA KURSLARI:💱
EUR13 734▼ -54.39
OB-HAVO:🌤
Toshkent34°Ochiq

O‘zbekistonda telefon raqami orqali pul o‘tkazmalarining yagona tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami orqali Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi yordamida pul o‘tkazishning yangi tartibi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Endilikda pul o‘tkazish uchun yuboruvchiga oluvchining bank kartasi raqami yoki hisobvarag‘i rekvizitlarini kiritish shart bo‘lmaydi. Buning uchun oluvchining bank hisobvarag‘iga oldindan biriktirilgan mobil telefon raqamini ko‘rsatish kifoya.

Tizim qanday ishlaydi?

Mobil bank ilovasida ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqami tegishli bank hisobvarag‘iga biriktiriladi. Bunda bir bank doirasida bitta mobil telefon raqami faqat bitta bank hisobvarag‘iga bog‘lanishi mumkin.

Telefon raqami hisobvarag‘iga biriktirilgandan so‘ng maxsus «biriktirish kodi» shakllantiriladi. Ushbu kod foydalanuvchining mobil bank ilovasida ko‘rsatiladi. Fuqaro istalgan vaqtda telefon raqamini hisobvarag‘idan ilova orqali yoki bankka murojaat qilib ajratishi mumkin.

Pul yuborish uchun to‘lovchi mobil bank ilovasidagi tegishli maydonga oluvchining telefon raqami yoki «biriktirish kodi»ni kiritadi. Shundan so‘ng Tezkor to‘lovlar tizimi oluvchining bank hisobvarag‘i haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda aniqlaydi.

O‘tkazmani tasdiqlashdan oldin foydalanuvchiga oluvchining ma’lumotlari, uning banki hamda komissiya miqdori ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng to‘lovchi pul o‘tkazmasi amalga oshiriladigan bankni tanlab, operatsiyani tasdiqlaydi.

Yangi tartib jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini soddalashtirishi kutilmoqda. Endilikda pul yuborish uchun oluvchining bank kartasi yoki hisobvarag‘i rekvizitlarini qo‘lda kiritishga hojat qolmaydi.

Yangilik sizga qanday?
Yangilikni ulashish
TelegramThreads

O‘xshash yangiliklar

Yana ko‘rish