VALUTA KURSLARI:💱
EUR13 788▼ -81.70
OB-HAVO:🌤
Toshkent31°Ochiq

Toshkentda «Olmazor» va «Turkiston» metro bekatlari yonida tutib qoluvchi avtoturargohlar quriladi

Toshkentda «Olmazor» va «Turkiston» metro bekatlari yonida avtoturargohlar quriladi

Toshkentda «Olmazor» va «Turkiston» metro bekatlari yaqinida tutib qoluvchi avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilmoqda. Avtomobil egalari mashinalarini shahar kirish qismida qoldirib, safarini metro orqali davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Bunday yo‘lovchilar uchun metro yo‘l haqiga chegirmalar ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

«Toshkent metropoliteni» AJ boshliq o‘rinbosari Yuldosh Yusupovning ma’lum qilishicha, loyihani amalga oshirish uchun mutaxassislar poytaxt hokimligi bilan hamkorlikda mos yer maydonlarini izlash ishlarini olib bormoqda.

Dastlab Chilonzor yo‘nalishidagi «Olmazor» va Yunusobod yo‘nalishidagi «Turkiston» bekatlariga yaqin hududlar ko‘rib chiqilmoqda. Keyingi bosqichda mutaxassislar aniq maydonlarni belgilab, ularni metro tizimi bilan texnologik va logistik jihatdan integratsiya qilish masalasini ishlab chiqadi.

Avtoturargohlar qanday ishlaydi?

Loyiha, avvalo, Toshkent viloyatidan poytaxtga har kuni shaxsiy avtomobilida ish yoki boshqa yumushlar bilan keladigan aholi uchun mo‘ljallangan.

Haydovchilar avtomobillarini maxsus avtoturargohda qoldirib, metro orqali yo‘llarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Bu markaziy hududlarga mashinada kirish va tirbandliklarda vaqt yo‘qotish zaruratini kamaytiradi.

Shuningdek, loyiha Toshkent ko‘chalaridagi transport yukini kamaytirish va avtomobil egalari uchun yoqilg‘i xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan.

Metrodan foydalanuvchilarga chegirma beriladi

Avtomobilini tutib qoluvchi avtoturargohda qoldirib, metro orqali harakatlanadigan yo‘lovchilar uchun maxsus tarif imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Yuldosh Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, chegirmalar hisobiga bunday yo‘lovchilar uchun metro orqali safarning umumiy qiymati odatiy tarifdan arzonroq bo‘ladi.

Hozirda «Toshkent metropoliteni» va poytaxt hokimligi zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda imtiyozli tarif mexanizmlarini kelishish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.

Yangilik sizga qanday?
Yangilikni ulashish
TelegramThreads

O‘xshash yangiliklar

Yana ko‘rish