Rossiyaning Wildberries marketpleysi uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlarning bir qismini Rossiyadan tashqaridagi omborlarga ko‘chirishni boshladi. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, qo‘shimcha mahsulot hajmlari qabul qilinadigan davlatlar qatoriga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Belarus ham kiritilgan.
Ma'lum qilinishicha, kompaniya bunday qarorni Rossiyadagi logistika markazlariga uyushtirilgan dronlar hujumlaridan so‘ng qabul qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, ayrim ombor infratuzilmalari zarar ko‘rgan va vaqtincha faoliyatdan to‘xtagan. Shu sababli Wildberries logistika tarmog‘ini qayta tashkil etib, mahsulotlarni xavfsizroq hududlardagi omborlarga taqsimlamoqda.
Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston va Belarusda allaqachon ombor infratuzilmasiga ega. Bu esa yangi logistika markazlarini qurmasdan turib mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash hajmini oshirish imkonini beradi.
OAV ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘chirish asosan uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlarga taalluqli bo‘ladi. Sotuvchilar esa logistika tizimidagi o‘zgarishlar ayrim buyurtmalarni yetkazib berish muddatlariga vaqtincha ta'sir qilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Kompaniya ushbu choralar logistika tizimining barqaror ishlashini ta'minlash va mahsulotlarni yetkazib berishda uzilishlarning oldini olishga xizmat qilishini kutmoqda.

