AQShning Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida noqonuniy ko‘cha poygalarida qatnashgan bir guruh shaxslar politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, ular orasida O‘zbekistondan chiqqan fuqarolar ham bo‘lgan.
Hodisa Paycor Stadium stadioni avtoturargohida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ishtirokchilar hududga ruxsatsiz kirib, avtomobillarda drift qilish, shinalarni kuydirish, xavfli manevrlar bajarish va jarayonni ijtimoiy tarmoqlar uchun tasvirga olish bilan shug‘ullangan.
Stadion xavfsizlik xizmati voqea haqida politsiyaga xabar bergan. Huquq-tartibot organlari vaziyatni nazorat qilish uchun drondan foydalangan. Kuzatuv natijasida ishtirokchilarning harakat yo‘nalishlari aniqlanib, hududdan chiqish yo‘llari yopilgan.
Operatsiya davomida olti nafar shaxs qo‘lga olingan. Shuningdek, Audi, BMW, Ford Mustang va Dodge Challenger rusumidagi bir nechta avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilgan.
Qo‘lga olinganlar Ahmadjon Valiyev, Madina Esenova, Mumtozaxon Zaburova, Bekdillo Hamidullayev, Dilmurod Nurmatov va Temur Nurmatov ekani ma’lum qilindi.
Ularga xususiy hududga noqonuniy kirish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Gumonlanuvchilardan biriga esa qo‘shimcha ravishda noqonuniy ko‘cha poygalarini tashkil etganlik aybi ham yuklangan.
Sud har bir ayblov bo‘yicha 2500 dollar miqdorida garov puli belgilagan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, maqola chop etilgan paytda qo‘lga olinganlar hanuz hibsda bo‘lgan.
AQShda so‘nggi yillarda noqonuniy ko‘cha poygalari va ommaviy drift-shoulariga qarshi kurash kuchaytirilgan. Rasmiylar bunday tadbirlar jamoat xavfsizligiga tahdid solishi va yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.


