Vetnamda 22-iyundan boshlab barcha xorijiy fuqarolar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun majburiy elektron ro‘yxatdan o‘tish joriy etildi. Mamlakatga kirishdan oldin davlat portali prearrival.immigration.gov.vn orqali oldindan onlayn anketa (Pre-Arrival Information) to‘ldirilishi kerak.
Elektron kelish kartasi chegarani kesib o‘tishdan kamida 72 soat oldin rasmiylashtiriladi. Anketada shaxsiy ma’lumotlar, viza va safar tafsilotlari ko‘rsatiladi. To‘ldirilgandan so‘ng QR-kod shakllantiriladi va uni telefonida saqlash yoki chop etib, chegara nazoratida taqdim etish talab etiladi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ushbu yangi qoida 23-iyundan HY561 reysidan boshlab barcha yo‘lovchilarga tatbiq etilishini ma’lum qildi. Tizim immigratsiya nazoratidan o‘tish jarayonini tezlashtirish va mamlakatga kirish tartibini soddalashtirishga qaratilgani qayd etildi.
