VALUTA KURSLARI:💱
EUR13 903▲ +6.06
OB-HAVO:🌤
Toshkent31°Bulutli

Bo‘zsu kanali bo‘ylab sport, baliq ovlash va suvda dam olish zonalariga ega yangi sayilgoh (naberejnaya) barpo etiladi.

Bo‘zsu kanali bo‘yida ekologik sayilgoh: Uchtepada yirik loyiha amalga oshiriladi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida Bo‘zsu kanali bo‘ylab qirg‘oq hududini zamonaviy dam olish, sport va sayr maskaniga aylantirishni nazarda tutuvchi yirik ekologik loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha jamoatchilik bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida taqdim etilib, unda mutasaddilar va mutaxassislar uning asosiy yo‘nalishlari hamda amalga oshirish bosqichlarini muhokama qildilar.

Ta’kidlanishicha, loyihaning bosh tamoyili mavjud tabiiy muhitni imkon qadar asrab-avaylashdan iborat bo‘ladi. Hududdagi daraxt va butalarni kesish rejalashtirilmagan, aksincha, qo‘shimcha ravishda yangi ko‘chatlar ekilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hududning tabiiy relyefini saqlab qolish va mahalliy ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik va’da qilinmoqda.

Obodonlashtirish ishlari doirasida kanal bo‘ylab piyodalar va velosiped yo‘laklari, bolalar maydonchalari, sport zonalari, dam olish va sayr maskanlari hamda yaqin atrofdagi mahallalar aholisi uchun yangi jamoat hududlari barpo etiladi.

Loyiha doirasida tashqi yoritish tizimlari, himoya to‘siqlari va beshta mahallani o‘zaro bog‘laydigan yangi piyodalar ko‘prigi qurilishi rejalashtirilgan. Faol dam olish va baliq ovlashni yoqtiruvchilar uchun esa maxsus baliq tutish joylari tashkil etiladi.

Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri yovvoyi qushlar va hayvonlar uchun ekologik orolchalar barpo etilishidir. Bu hududdagi biologik xilma-xillikni saqlash hamda mahalliy fauna vakillari uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Bo‘zsu bo‘yida baydarka va kanoeda eshkak eshish kabi suv sporti turlari bilan shug‘ullanish uchun alohida zonalar tashkil etiladi.

Toshkent shahar hokimligida ekologik talablarga rioya etilishi alohida nazorat ostida bo‘lishi, loyiha doirasida yashil hududlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov loyihaning amaliy ijrosi bugundan boshlanishini ma’lum qildi. Ishlarni boshlashdan oldin mahalla faollari, aholi vakillari va soha mutaxassislarining takliflari ko‘rib chiqilib, hududni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr va mulohazalar inobatga olindi.

Mutaxassislar fikricha, loyiha yakunlangach, Bo‘zsu kanali bo‘ylab joylashgan hudud poytaxtning eng yirik ekologik va rekreatsion maskanlaridan biriga aylanishi, zamonaviy shahar infratuzilmasi va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni uyg‘unlashtirgan hudud sifatida xizmat qilishi mumkin.

Yangilik sizga qanday?
Yangilikni ulashish
TelegramThreads

O‘xshash yangiliklar

Yana ko‘rish