Loyiha O‘zbekiston hukumati va Italiyaning Arsenale International kompaniyasi hamkorligida amalga oshiriladi. Tegishli uch tomonlama kelishuv 16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Arsenale International va “O‘zbekiston temir yo‘llari” vakillari tomonidan imzolangan.
Yangi premium poyezd Markaziy Osiyoda o‘z turidagi birinchi loyiha bo‘lishi kutilmoqda. Marshrut mamlakatning asosiy sayyohlik markazlari — Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani bog‘laydi hamda sayyohlarga O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va Buyuk Ipak yo‘li bilan tanishish uchun qulay va zamonaviy imkoniyat yaratadi.
Loyiha mualliflari fikricha, Samarkand Express yuqori darajadagi xizmat, temiryo‘l sayohatining o‘ziga xos muhiti va qadimiy shaharlarni kezish orqali madaniy tajribani birlashtiradi. U asosan xorijiy sayyohlarga mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekistonning yangi turistik brendiga aylanishi kutilmoqda.
Lyuks poyezd yaratish tashabbusi 2023-yildan buyon muhokama qilinmoqda. O‘shanda “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Arsenale Group vakillari Yevropa va Xitoyni O‘zbekiston hududi orqali bog‘lovchi xalqaro temiryo‘l sayohatlari imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqqan edi.
Samarkand Express ishga tushirilishi mamlakatning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishi, hududlarning turizm salohiyatini mustahkamlashi va zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

