2026-yil 14-iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste’molining yangi tarixiy rekordi — 284 mln kVt·soat qayd etildi.
Mazkur ko‘rsatkich 2026-yil 13-iyul kuni qayd etilgan yozgi rekord — 278,6 mln kVt·soat, shuningdek, 24-yanvar kuni qayd etilgan qishki rekord — 283 mln kVt·soatdan yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 287,3 mln kVt·soatni tashkil etib, avvalgi qishki rekorddan 3,49 foizga yuqori natijani qayd etdi.
Energetika tizimiga tushayotgan yuqori yuklama munosabati bilan Energetika vazirligi iste’molchilarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga chaqirdi.
Vazirlik konditsioner haroratini 24–26°C oralig‘ida sozlash, ularning filtrlarini muntazam tozalash hamda elektr energiyasini ortiqcha sarflamaslikni tavsiya etdi. Qayd etilishicha, bu elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish va elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, vazirlik ma’lum qilishicha, eng yuqori yuklama kuzatiladigan soatlarda ayrim hududlarda elektr tarmoqlaridagi texnik nosozliklar sabab vaqtinchalik elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda.
