O‘zbekiston Prezidenti iqtidorli yoshlar, respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari hamda ularning murabbiylarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlarni e’lon qildi.
E’longa ko‘ra, 1-sentabrdan boshlab respublika tanlovlari g‘oliblariga 100 million so‘m miqdorida mukofot to‘lanadi, nufuzli xalqaro tanlovlar sovrindorlari esa 300 million so‘mgacha mukofot olishi mumkin bo‘ladi. Bunday tanlovlarda ishtirok etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.
Shuningdek, iqtidorli yoshlarning murabbiylari va trenerlariga ish haqiga 100 foizgacha ustama belgilash ko‘zda tutilgan. Xuddi shunday qo‘llab-quvvatlash choralari xususiy ijodiy jamoalarga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijdagi madaniyat va san’at muassasalarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Iqtidorlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi tashkil etilib, uning yillik budjeti 200 milliard so‘mni tashkil etadi.



