O‘zbekistonda 464 ta avtozapravka stansiyasining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Qaror gaz va neft mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi obyektlar bo‘yicha o‘tkazilgan keng ko‘lamli inventarizatsiya yakunlari asosida qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, tekshiruvlar AYoQSh va AGNKSlarda avariyalar va favqulodda holatlarning oldini olish, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda litsenziyalash va ruxsat berish tizimidagi mas’uliyatni oshirish maqsadida o‘tkazilgan.
Jami 6 196 ta obyekt tekshirildi. Natijada 46 737 ta qoidabuzarlik va kamchiliklar aniqlanib, ularning bir qismi — 7 166 tasi joyida bartaraf etildi. Shunga qaramay, 464 ta avtozapravka stansiyasi faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan 2030-yil 1-yanvargacha barcha turdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida bosim ostida ishlaydigan uskunalardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar joriy etiladi. Bundan tashqari, 2026-yil sentabrgacha xavf tug‘diruvchi AYoQSh va gaz quyish shoxobchalari reyestri shakllantiriladi va ularni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish choralari ishlab chiqiladi.
