Oliy Majlis Senati qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat ko‘p qavatli uylarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ruxsatisiz qurish uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Qonunga ko‘ra, endilikda quruvchilar qurilish-montaj ishlarini boshlashdan avval xabarnoma yuborish o‘rniga rasmiy ruxsat olishi shart bo‘ladi. Shuningdek, Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Jinoyat-protsessual kodeksi, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun, Shaharsozlik kodeksi hamda «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy qo‘shimcha qurilmalar qurish va umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan egallash uchun yirik jarimalar joriy etiladi: fuqarolar uchun 400 BHM (164,8 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa 450 BHM (185,4 mln so‘m)gacha. Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin qoidabuzarlik takrorlansa, aybdorga 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Qonun, shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasining seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytiradi. Shaharsozlik hujjatlari tarkibiga master-reja kiritiladi. Senatorlar fikricha, ushbu o‘zgarishlar qurilish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, binolar xavfsizligini oshirish va hududlarni yanada samarali rivojlantirishga xizmat qiladi.


