Oʻzbekistonda hozirgi ishlab chiqarish hajmlarini hisobga olganda 2–3 oyga yetadigan yoqilgʻi va neft mahsulotlari zaxirasi shakllantirildi. Bu haqda Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda yiliga 1,2 million tonnadan ortiq neft mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, xususiy kompaniyalar har yili yana 600–700 ming tonna neft mahsulotlarini import qilmoqda. Bu ichki talabni toʻliq qoplash imkonini bermoqda.
Energetika vazirligida ma’lum qilinishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlangan. Maxsus reja ishlab chiqilgan bo‘lib, mas’ul tashkilotlarga barcha tayyorgarlik ishlarini o‘z vaqtida yakunlash hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz, suyultirilgan gaz va boshqa turdagi yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Vazirlikka ko‘ra, mavjud zaxiralar va ishlab chiqarish hajmlari hisobiga joriy kuz-qish mavsumini yoqilg‘i taqchilligi va jiddiy uzilishlarsiz o‘tkazish rejalashtirilgan.



