Iyul oyidan boshlab O‘zbekistonda Rossiya fuqarolari konsulliklarga murojaat qilmasdan, “Gosuslugi” portali orqali hujjatlarni onlayn rasmiylashtirish va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Tizim orqali arizalar yuborish, ma’lumotnomalar olish hamda shaxsiy ma’lumotlarni masofadan turib tasdiqlash mumkin bo‘ladi. Bu esa ma’muriy jarayonlarni sezilarli darajada soddalashtirib, hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtini qisqartiradi.
Manbalarga ko‘ra, loyiha ishga tushirilishining asosiy sabablaridan biri O‘zbekistonga kelayotgan Rossiya fuqarolari sonining oshishi bo‘lgan. Faqat 2026-yilning dastlabki besh oyida mamlakatga qariyb 466 ming rossiyalik tashrif buyurgan.
Yangi tizim davlat xizmatlarini raqamlashtirish va fuqarolar hamda davlat idoralari o‘rtasidagi aloqani osonlashtirishga qaratilgan.

