O‘zbekistonda sug‘urta va elektron tijorat sohasida bir qator muhim o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.
Asosiy yangilik avtomobil sug‘urtasiga tegishli. Endi avtomobil egalari OSAGO polislarini haydovchilar soni bo‘yicha cheklovsiz rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Bunday holatda avtomobilni oldindan sug‘urta shartnomasida ko‘rsatmasdan turib istalgan haydovchi boshqarishi mumkin. Shu bilan birga, polisda avtomobil egasi, uning yaqin qarindoshlari va transport vositasini boshqarishga ruxsat berilgan boshqa shaxslar alohida ko‘rsatilmaydi.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisalaridan keyin sug‘urta to‘lovlarini olish tartibi soddalashtirilmoqda. Endi jabrlanganlar sug‘urta tovonini olish uchun bevosita aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish aybdor tomon sug‘urtachisi tomonidan amalga oshiriladi, bu esa jarayonni tezroq va qulayroq qiladi.
Bundan tashqari, qonun ikki karra sug‘urtalashga cheklov joriy etadi. Hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urtalangan shaxslar bir vaqtning o‘zida ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash shartnomasi bo‘yicha byudjet mablag‘lari hisobidan sug‘urtalanishi mumkin emas.
O‘zgarishlar elektron tijorat sohasini ham qamrab oladi. Endi elektron savdo platformalari operatorlari faoliyatini boshlashi yoki tugatishi haqida vakolatli davlat organlarini belgilangan tartibda xabardor qilishlari shart bo‘ladi.
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yangiliklar sug‘urta bozorini rivojlantirish, shaffoflikni oshirish, sug‘urta xizmatlarini olishni soddalashtirish hamda mamlakatda elektron tijoratni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar 7 foizga oshiriladi.

