O‘zbekistonda Soliq Mobile ilovasi orqali noqonuniy keshbek olish bilan bog‘liq yirik firibgarlik holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lumotiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv davomida Navoiy shahrida 13 ta MChJ mas’ul shaxslari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular 4,5 trillion so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Shuningdek, nazorat-kassa mashinalari orqali savdo amalga oshirilgandek ko‘rsatilib, qalbaki xarid cheklari chiqarilgan.
Natijada Soliq Mobile ilovasi orqali 105 524 nafar fuqaro nomiga hisoblangan 34,8 milliard so‘mlik keshbek noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.




