Amazon O‘zbekistonda Leo sun’iy yo‘ldosh internet tizimini (ilgari Project Kuiper nomi bilan tanilgan) ishga tushirmoqda. Ushbu tizim butun mamlakat bo‘ylab, jumladan telekommunikatsiya infratuzilmasi yo‘q yoki cheklangan olis va borish qiyin hududlarda ham yuqori tezlikdagi internetga kirish imkonini ta’minlaydi.
Loyiha ishga tushirilishi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ma’lum bo‘ldi. Tadbir doirasida amerikalik Amazon Leo kompaniyasi va “UZ-SAT” qo‘shma korxonasi o‘rtasida O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi xizmat nafaqat shahar aholisi, balki olis hududlardagi aholi uchun ham ochiq bo‘ladi.
Tizim past Yer orbitasida joylashgan 3000 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshlar guruhiga asoslanadi. Ular optik aloqa kanallari orqali bog‘langan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab yer usti stansiyalari va internet tugunlari bilan ishlaydi.
