O‘zbekistonda pasport va identifikatsiya ID-kartasi yo‘qotilgani yoki yaroqsiz holga kelgani uchun belgilangan ma’muriy jarimalarni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu Prezidentning 15-iyul kuni imzolangan «Aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish va fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan pasport va ID-kartani qayta rasmiylashtirishda ma’muriy jarima o‘rniga faqat davlat boji undiriladi.
Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligiga 2026-yil oktabr oyiga qadar mazkur tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha zarur normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, pasport va ID-kartani yo‘qotish yoki qasddan yaroqsiz holga keltirish uchun ma’muriy javobgarlik 2022-yilda joriy etilgan bo‘lib, buning uchun 0,5 BHMdan 3 BHMgacha miqdorda jarima belgilangan.
Shuningdek, qarorda fuqarolarga garovda yoki xatlangan turar joylarda garov oluvchining roziligisiz doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashashga ruxsat berishni nazarda tutuvchi boshqa qulayliklar ham ko‘zda tutilgan.
