Uzgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yaqin kunlarda ham ob-havo beqaror bo‘lib qoladi. Ayni paytda anomal yuqori harorat, shamol kuchayishi, chang bo‘ronlari, shuningdek, qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroqlar kuzatiladi.
Kunduzgi havo harorati +35…+38° atrofida bo‘ladi, cho‘l hududlarida +39…+41° gacha, eng janubiy hududlarda esa ayrim joylarda +43° gacha yetishi mumkin. 17-iyundan boshlab harorat 3–4 darajaga pasayishi kutilmoqda.
15–17 iyun kunlari mamlakatning aksariyat hududlarida qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar, asosan kunning ikkinchi yarmida yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Ayrim shimoliy va cho‘l hududlarida shamol tezligi 20–22 m/s gacha kuchayishi mumkin, bu esa chang-to‘zonlar va ko‘rinishning vaqtincha yomonlashishiga olib keladi.
18–19 iyun kunlari yog‘ingarchilik faqat markaziy va sharqiy hududlarning ayrim joylarida saqlanib qoladi, qolgan hududlarda esa asosan quruq ob-havo kutiladi.
Tog‘ va tog‘oldi hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi, sel va suv toshqinlari xavfi mavjudligi sababli aholiga ehtiyotkorlik tavsiya etiladi.
Toshkent shahrida 15–16 iyun kunlari kechqurun qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, kunduzgi harorat +36…+38° atrofida bo‘ladi. 17-iyundan boshlab biroz sovish kutilib, harorat +31…+34° gacha pasayadi, shu bilan birga kunning ikkinchi yarmida mahalliy yog‘ingarchilik ehtimoli saqlanib qoladi.
Mutaxassislar ob-havo sharoitlarini hisobga olishni, kuchli shamolda ehtiyot choralarini ko‘rishni hamda tog‘ va tog‘oldi hududlarda alohida ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya etadi.
