O‘zgidromet O‘zbekiston hududida sel va toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida favqulodda ogohlantirish e’lon qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2–5-iyun kunlari mamlakatning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, bu esa sel va toshqinlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Xavf ostida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim tumanlari qolmoqda.
Noqulay ob-havo sharoiti munosabati bilan tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi aholi, shuningdek, dam olish yoki tog‘li hududlarga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolardan ehtiyot choralariga rioya qilish va favqulodda xizmatlar hamda gidrometeorologiya organlarining rasmiy xabarlarini kuzatib borish so‘ralmoqda.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchiliklar sabab respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi mumkin. Bu esa hududlar, avtomobil yo‘llari va infratuzilma obyektlarining mahalliy suv ostida qolishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar daryo o‘zanlari, soylar va boshqa xavfli hududlar yaqinida bo‘lishdan tiyilish, shuningdek, safarlarni rejalashtirishda ob-havo sharoitlarini inobatga olishni tavsiya etmoqda.



