O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi ilk pullik yuqori tezlikdagi Toshkent, Samarqand avtomagistrali qurilishiga start berdi. Yangi loyiha ikki shahar o‘rtasidagi yo‘l vaqtini 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqartirish imkonini beradi.
Magistralning uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Yo‘l olti polosali, monolit beton qoplamali bo‘lib, 150 km/soat tezlikka mo‘ljallanadi. Trassa Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududidan o‘tadi. Loyihaning umumiy qiymati 2,2 milliard dollarga baholanmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, yangi avtomagistral hududlar iqtisodiy rivojlanishiga turtki beradi. Transport yo‘lagi yuk tashish xarajatlarini 19–24 foizga kamaytirishi, eksport raqobatbardoshligini oshirishi va tadbirkorlar uchun logistika jarayonlarini tezlashtirishi kutilmoqda.
Yangi magistral sutkasiga 60–80 mingta transport vositasini o‘tkaza oladi. Bu tirbandliklarni kamaytirish, yoqilg‘i va ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirish hamda zamonaviy raqamli xavfsizlik tizimlari orqali yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, Xiva, Urganch yo‘li qurilishi davom etmoqda, Toshkent, Andijon loyihasi bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida, Toshkent, Bo‘stonliq yo‘nalishi uchun xususiy hamkor tanlanmoqda. Shunga o‘xshash loyihalarni Qashqadaryo, Namangan, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida ham amalga oshirish rejalashtirilgan.
