2026-yil 16-iyuldan boshlab Toshkent viloyatidagi barcha davlat, xususiy va idoraviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Tegishli qaror viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qabul qilinib, barcha tuman va shahar hokimliklariga topshiriq berildi.
Cheklovlar davlat, nodavlat (xususiy) hamda idoraviy maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi. Mazkur chora anomal issiq sharoitida bolalar salomatligini himoya qilish hamda energetika tizimiga tushayotgan yuqori yuklamani kamaytirish maqsadida joriy etildi.
Bog‘chalar faoliyati ob-havo me’yoriy holatga kelgach va Toshkent viloyati hokimligining alohida qarori qabul qilingandan so‘ng qayta tiklanadi.
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda havo haroratining keskin ko‘tarilishi elektr energiyasi iste’molining tarixiy darajaga yetishiga sabab bo‘ldi. Shu munosabat bilan davlat idoralari aholi xavfsizligini ta’minlash va energetika tizimi barqarorligini saqlash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni amalga oshirmoqda.
Avvalroq Mehnat vazirligi ish beruvchilarga kunning eng issiq vaqtlarida ochiq havoda bajariladigan ishlarni cheklashni tavsiya qilgan, shuningdek, Ekologiya qo‘mitasi yashil hududlarni anomal issiqdan asrash bo‘yicha murojaat bilan chiqqan.
