Toshkent viloyati Xalq deputatlari Kengashi viloyat shaharlari uchun jamoat transportida yo‘l haqi bo‘yicha yangi tariflarni tasdiqladi. Qarorga ko‘ra, transport yoki bank kartasi orqali to‘lov qilinganda bir martalik yo‘l haqi 2000 so‘m, naqd pulda to‘langanda esa 2600 so‘m etib belgilandi. Bir dona bagajni tashish narxi ham 2600 so‘mni tashkil etadi.
Yangi tariflar Toshkent viloyatida jamoat transporti tizimini rivojlantirish doirasida joriy etilmoqda. So‘nggi uch yil ichida Toshkent shahri va viloyatdagi shaharlarga 2650 ta zamonaviy avtobus va elektrobus yetkazib berildi. Hozirda brutto-shartnomalar asosida 279 ta muntazam avtobus yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Ularni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan har yili qariyb 2 trillion so‘m ajratiladi. Natijada kunlik yo‘lovchilar oqimi 2,3 million kishiga yetdi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab elektr poyezdlar va shahar jamoat transportidan birgalikda foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun yagona tarif joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Nurafshon, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlarida transport kartalarini sotish va ularni to‘ldirish uchun infokiosklar bosqichma-bosqich o‘rnatiladi. Brutto-shartnomalar asosida ishlaydigan barcha shahar avtobuslarida esa naqd pulsiz to‘lov tizimi to‘liq joriy etiladi.

