Xavfsizlik xizmati Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori sohillari ustidan noqonuniy nazorat o‘rnatishga uringan ikki jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro mahalliy aholidan iborat ikki guruh o‘rtasida sohil hududlarini kuch bilan egallash, ta’sir doirasini kengaytirish va noqonuniy daromad manbalari ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida yuzaga kelgan.
Dastlabki to‘qnashuvda guruhlardan biri raqiblarini kaltaklab, ularga tan jarohati yetkazgan. Ushbu holat yuzasidan to‘rt nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shunga qaramay, mojaro davom etgan. 16 iyul kuni ikkinchi guruh a’zolari kastet va beysbol tayoqlari bilan qurollanib, raqib guruhning ozodlikda qolgan a’zolariga hujum qilgan. Oqibatda bir kishi og‘ir tan jarohati olgan.
19 iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikkinchi jinoiy guruhning uch nafar faol a’zosi hamda hujumga aloqador yana olti nafar shaxs qo‘lga olingan. Shu tariqa, ikki holat bo‘yicha jami 13 kishi ushlangan.
Shuningdek, tergov davomida ikkinchi guruh a’zolaridan biri Instagram orqali diniy ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatgani aniqlangan. Mazkur holatga ham huquqiy baho berilishi bildirilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqeaning barcha tafsilotlarini o‘rganib, qo‘lga olinganlarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini ham tekshirmoqda.
