VALUTA KURSLARI:💱
EUR13 692▲ +21.27
OB-HAVO:🌤
Toshkent30°Ochiq

Toshkentda haydovchi avtomobilchiga o‘yinchoq to‘pponcha bilan tahdid qilgani uchun 10 sutkaga qamaldi

Toshkentda haydovchi o‘yinchoq to‘pponcha bilan tahdid qilgani uchun 10 sutkaga qamaldi

Toshkentning Uchtepa tumanidagi Toshkent halqa avtomobil yo‘lida yuz bergan yo‘l mojarosi ishtirokchilaridan biri ma’muriy qamoqqa olindi. Mojaro vaqtida Toshkent viloyatida yashovchi 31 yoshli erkak Lacetti avtomobilidan qo‘lida to‘pponchaga o‘xshash buyum bilan tushib, boshqa haydovchiga tahdid qilgan.

Hodisa videoregistratorga yozib olingan va tez orada ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Shundan so‘ng ichki ishlar organlari xodimlari erkakning shaxsini aniqlab, holat yuzasidan tekshiruv boshlagan.

Sudda haydovchi qo‘lidagi buyum o‘g‘lining o‘yinchoq to‘pponchasi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘yinchoq tasodifan barmog‘iga tiqilib qolganligi sababli uni mashinada qoldirmay, qo‘lida olib tushgan. Shuningdek, u boshqa haydovchi bilan xotirjam gaplashganini va hech qanday tahdid qilmaganini ta’kidladi.

Biroq ikkinchi haydovchi voqeani boshqacha bayon qildi. Uning aytishicha, to‘pponcha o‘yinchoq ekanini bilmagan, chunki erkak bu haqda biror marta ham aytmagan. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, haydovchi to‘pponchani ikki marta ko‘rsatib: «Agar joning qadrli bo‘lsa, yo‘lingdan ket. Hozir sen bilan gaplashadigan holatda emasman», degan.

Jabrlanuvchi mashinasida onasi va turmush o‘rtog‘i bo‘lgani sababli mojaroni davom ettirmaslikka qaror qilgan. Shundan so‘ng Lacetti haydovchisi avtomobiliga o‘tirib, voqea joyini tark etgan. Videoregistrator yozuvi esa keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Sud ish materiallarini ko‘rib chiqib, erkakni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topdi va unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Haydovchi to‘pponcha o‘yinchoq bo‘lganini ta’kidlaganiga qaramay, sud uning harakatlari boshqa yo‘l harakati ishtirokchisini qo‘rqitish va tahdid qilishga qaratilgan degan xulosaga keldi.

Yangilik sizga qanday?
Yangilikni ulashish
TelegramThreads

O‘xshash yangiliklar

Yana ko‘rish