Toshkentda renovatsiya dasturining birinchi bosqichi boshlandi: aholi uchun maxsus shtablar ochilib, tushuntirish uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.
Loyihaning dastlabki ishlari Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida yo‘lga qo‘yildi. Dasturga kiritilgan hududlar aholiga qaysi joylarda o‘zgarishlar bo‘lishi, ko‘chirish jarayoni qanday tashkil etilishi, u qanday shartlarda amalga oshirilishi hamda alohida holatlar qanday ko‘rib chiqilishi haqida ma’lumot berilmoqda.
Muhim jihatlar:
Birinchi bosqich aholini loyiha tafsilotlari, ko‘chirish shartlari va dasturni amalga oshirish tartibi bilan tanishtirishni nazarda tutadi.
Maxsus shtablar renovatsiya hududlarining o‘zida faoliyat yuritmoqda. Bu aholiga uyidan uzoqqa bormasdan o‘z savollariga javob olish imkonini beradi.
Fuqarolarning barcha murojaatlari, takliflari va oilalarning o‘ziga xos holatlari alohida tartibda ko‘rib chiqilishi va’da qilinmoqda.
Avvalroq mamlakat bo‘ylab renovatsiya dasturi 1991-yilgacha qurilgan qariyb 17 mingta eski ikki va uch qavatli uylarni qamrab olishi mumkinligi ma’lum qilingan edi. Ularning aholisi uchun kompensatsiya yoki yangi uy-joy berilishi rejalashtirilgan.
