Toshkentning Sergeli tumanida shahar infratuzilmasining yangi formati sinov tariqasida ishga tushirildi — vorkaut maydonchasi bilan birlashtirilgan ilk “sport” avtobus bekati tashkil etildi. Bekat yonida turniklar va sport jihozlari bilan jihozlangan maxsus hudud barpo etilib, yo‘lovchilar transport kutish vaqtida yengil mashqlar bajarishi, badantarbiya qilishi yoki turnikda shug‘ullanishi mumkin.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bekatdan 12 ta muntazam avtobus yo‘nalishi o‘tadi. Shu sababli u tumanning eng gavjum nuqtalaridan biri hisoblanadi. Sport hududi bekat hududining o‘zida xavfsiz va qisqa muddatli jismoniy faollik bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, loyiha shahar muhitini rivojlantirishdagi yangi yondashuvni aks ettiradi. Endilikda infratuzilma nafaqat transport ehtiyojlariga, balki aholi salomatligi va faolligini qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
Bunday tajriba dunyoning Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kali kabi yirik shaharlarida ham qo‘llanilib, bekatlar ko‘cha sporti elementlari bilan jihozlangan. Kelgusida Toshkentning aholi zich yashaydigan hududlari va yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarida ham shunday vorkaut maydonchalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha poytaxtdagi avtobus bekatlarini keng ko‘lamda modernizatsiya qilish ishlari doirasida amalga oshirilmoqda. Bu jarayon eski bekatlarni yangilash, zamonaviy kutish hududlari, raqamli xizmatlar va takomillashtirilgan infratuzilmaga ega yangi majmualarni qurishni ham o‘z ichiga oladi.

