Ma’lum qilinishicha, Gonzo taxallusi bilan tanilgan bloger Geydar Aliyev koreys madaniyati festivali K-Vibe vaqtida yuz bergan mojaro ortidan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, sud blogerni mayda bezorilik hamda ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlikda aybdor deb topgan. Natijada unga 5 sutka ma’muriy qamoq va 5 BHM miqdorida jarima tayinlangan. Bu taxminan 2 million so‘mni tashkil qiladi.
Hodisa 13-iyun kuni Taras Shevchenko ko‘chasida o‘tkazilgan koreys madaniyati festivali vaqtida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni bloger jonli efir olib borgan, tadbir mehmonlari bilan suhbatlashgan va festivaldagi voqealarni tasvirga olgan. Keyinchalik ushbu translyatsiya ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan, biroq videoning ayrim qismlari keyinchalik tahrirlangan.
Mojaroga nima sabab bo‘lgan? Versiyalardan biriga ko‘ra, festivalga tashrif buyurgan ayrim fuqarolar blogerdan suratga olishni to‘xtatishni so‘ragan. Biroq bildirilgan e’tirozlarga qaramay, tasvirga olish davom etgan.
Shuni ham hisobga olish kerakki, O‘zbekiston qonunchiligida fuqarolarning tasviri himoya qilinadi. Ayrim holatlarda insonning o‘z tasviridan foydalanmaslik haqidagi talabini e’tiborsiz qoldirish huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Gonzoning o‘zi esa avvalroq jamoat joyida tasvirga olishni qonuniy deb hisoblaganini aytgan.
Oxir-oqibat mojaro og‘zaki tortishuvga aylanib, ichki ishlar organlari xodimlarining aralashuviga sabab bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, dastlab Gonzoga IIBga borish taklif qilingan, biroq suhbat davomida tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan. Shundan so‘ng bloger Milliy gvardiya xodimi hamrohligida festival hududini tark etgan.
