42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Behzod Asrarovga AQShning Ogayo shtati, Medison okrugida sodir bo‘lgan o‘lim bilan yakunlangan YTHdan so‘ng dalillarni qasddan yo‘q qilish bo‘yicha jinoiy ayblov e’lon qilindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Asrarov boshqaruvidagi yuk mashinasi Honda Accord avtomobili bilan to‘qnashgan. Yengil avtomobilni Massachusets universitetining Louell shahridagi River Hawks futbol jamoasi darvozaboni, 21 yoshli Tobias Forsayt boshqargan. Yosh sportchi olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. To‘qnashuvdan keyin yuk mashinasi ajratuvchi to‘siqni buzib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va yana bir YTHga sabab bo‘lgan.
Amerikalik tergovchilarning ta’kidlashicha, haydovchi voqeadan so‘ng dalillarni yashirishga uringan. Ayblovga ko‘ra, u videoregistratorni olib yashirgan, shuningdek, mobil telefonlari va yuk mashinasining ish vaqti hamda tezligini qayd etuvchi elektron qurilmani shikastlashga harakat qilgan.
Fox News telekanali xabariga ko‘ra, Asrarov AQShga Diversity Visa (Green Card) dasturi orqali ko‘chib o‘tgan va Ogayo shtatida tijorat haydovchilik guvohnomasi (CDL) olgan. AQSh transport vaziri Shon Daffining aytishicha, voqea joyiga kelgan politsiya xodimlari haydovchi ingliz tilini bilmagani sababli so‘roq vaqtida Google Translate dasturidan foydalanishga majbur bo‘lgan.
Daffi tijorat transporti haydovchilariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirishga chaqirib, til to‘sig‘i tufayli yo‘l belgilarini o‘qiy olmaydigan shaxslar yuk mashinalarini boshqarmasligi kerakligini ta’kidladi.
Bu fojia AQShda o‘tkazilayotgan SafeDRIVE federal operatsiyasi davriga to‘g‘ri keldi. Uning doirasida FMCSA tomonidan 20 dan ortiq shtatda keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Natijada minglab qoidabuzarliklar aniqlangan, yuzlab xorijlik haydovchilar, jumladan ingliz tilini yetarli darajada bilmagani uchun ham ishdan chetlatilgan.
Tergov davom etmoqda. AQSh hukumati ish yuzasidan Asrarovga qo‘shimcha ayblovlar ham qo‘yilishi mumkinligini istisno qilmayapti.

