Navoiy viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zararli APK-fayllardan foydalangan holda sodir etilgan kiberjinoyatlarga aloqador guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar zararli APK-ilovalarni tarqatib, ular o‘rnatilgandan so‘ng foydalanuvchilarning mobil qurilmalariga ruxsatsiz kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng ular messenjerlar, bank ilovalari va boshqa shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalangan holda pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida 21 nafar fuqaro jabrlangan, yetkazilgan moddiy zarar esa 336 million so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha holatlarini aniqlash hamda jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


