Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi xususiy oilaviy bolalar bog‘chasida fojia yuz berdi: dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 3 yoshli qizcha muassasaga olib kelish jarayonida avtomobilda unutib qoldirilgani oqibatida vafot etgan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi — “Kasbiy vazifalarni lozim darajada bajarmaslik” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida bolalarni tashish bilan shug‘ullangan transport vositasi haydovchisi qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, bola mashinada qolib ketgan va keyinchalik vafot etgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu fojianing asosiy sababi sifatida xodimlarning beparvoligi va e’tiborsizligini ko‘rsatgan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Hodisaning barcha holatlari, jumladan nafaqat haydovchi, balki bog‘cha ma’muriyati hamda bolalarni qabul qilish va hisobga olishdagi xavfsizlik nazorati bo‘yicha mas’uliyat darajasi ham o‘rganilmoqda.
