O‘zbekistonda soxta keshbek sxemasi fosh etildi: budjetdan qariyb 3 million dollar olib chiqib ketilgan
Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar Soliq Mobile ilovasidagi keshbek tizimi orqali amalga oshirilgan yirik firibgarlik sxemasini fosh etdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, davlat budjetiga yetkazilgan zarar 35,1 milliard so‘mni, ya’ni qariyb 3 million dollarni tashkil etgan.
Aniqlanishicha, sxemada 6 nafar shaxs ishtirok etgan. Ular nomiga amalda hech qanday faoliyat yuritmagan 9 ta korxona rasmiylashtirilgan.
2026-yil mart-aprel oylarida ushbu korxonalar orqali umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mlik tovar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan. Aslida esa hech qanday real savdo-amaliyotlari bo‘lmagan.
Operatsiyalarga qonuniy tus berish uchun onlayn kassalar orqali soxta hisob-kitoblar o‘tkazilgan va fuqarolar nomiga xarid cheklari rasmiylashtirilgan.
Natijada Soliq Mobile tizimi ushbu operatsiyalarni haqiqiy xarid sifatida qabul qilib, avtomatik ravishda keshbek hisoblagan. Tergovga ko‘ra, cheklar 100 mingdan ortiq fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan va budjetga 35,1 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Tergov davomida Andijon viloyati Soliq boshqarmasining ayrim mansabdor shaxslari tomonidan ham qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Ular shubhali operatsiyalar bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rmagan va vakolatli organlarga xabar bermaganlikda gumon qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan bir nechta moddalar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Andijonda Soliq Mobile’dagi soxta cheklar orqali 35,1 milliard so‘m o‘g‘irlandi.


