O‘zbekiston xalqaro dizayn platformasi Canva bilan grant kelishuvini imzoladi. Ushbu kelishuv doirasida mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktablari uch yil davomida Canva for Education platformasidan bepul foydalanadi.
Hujjat O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi vakillar tomonidan Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida imzolandi.
Kelishuv Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan TES+4 Ta’lim transformatsiyasi sammiti doirasida tuzildi. Grantning umumiy qiymati 20 mln AQSh dollarini tashkil qiladi.
Canva for Education platformasi o‘quvchilar va o‘qituvchilarga taqdimotlar, infografikalar, o‘quv materiallari va boshqa raqamli loyihalarni yaratish uchun minglab tayyor shablon va vositalarni taqdim etadi.
Platformada sun’iy intellekt asosidagi vositalar, real vaqt rejimida hamkorlik qilish imkoniyatlari hamda raqamli savodxonlik va ijodiy fikrlashni rivojlantirishga yordam beruvchi funksiyalar mavjud.
Ushbu tashabbus orqali maktablarda zamonaviy raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga kengroq joriy etish va o‘quvchilar hamda o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.



