O‘zbekiston 2028-yilgacha ilk milliy kosmonavtini orbitaga yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi ma’lum qildi. Hozirda agentlik xalqaro hamkorlar bilan inson ishtirokidagi kosmik missiyani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Ayni paytda AQSh, Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik variantlari muhokama qilinmoqda. Mumkin bo‘lgan platformalar sifatida NASA va «Roskosmos» bilan hamkorlikdagi Xalqaro kosmik stansiya (XKS), shuningdek Xitoyning orbital stansiyasi ko‘rib chiqilmoqda.
Rejaga ko‘ra, kosmik missiya taxminan 14 kun davom etadi. Parvoz davomida o‘zbek kosmonavti vaznsizlik sharoitida ilmiy tajribalar o‘tkazadi. Olingan natijalar mamlakatda fan, texnologiyalar va turli iqtisodiyot sohalarini rivojlantirishda qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Nomzodni tanlash uchun maxsus hukumat komissiyasi tuziladi. Bo‘lajak kosmonavtga bir qator talablar qo‘yiladi: 27–40 yosh oralig‘i, oliy ma’lumot, chet tillarini bilish, shuningdek tibbiy va jismoniy talablarga mos bo‘lishi kerak. Bo‘y 160–190 sm, vazn esa 50–95 kg oralig‘ida bo‘lishi belgilangan.
«O‘zbekkosmos»da ushbu loyihaning amalga oshirilishi yuqori texnologiyalar rivoji va O‘zbekistonning kosmik sohadagi xalqaro nufuzini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi ta’kidlanmoqda.



