O‘zbekiston va Albaniya savdo, logistika hamda investitsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Prezidenti Bayram Begay o‘rtasidagi muzokaralar yakuniga ko‘ra, Albaniyaning Durres portidan o‘zbekistonlik mahsulotlar uchun logistika xabi sifatida foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kutilishicha, Adriatik dengizi sohilida joylashgan ushbu port mahalliy eksportyorlarga Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi mintaqasi bozorlariga yanada qulayroq chiqish imkonini beradi, shuningdek, yetkazib berish geografiyasini kengaytirish va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi Hukumatlararo komissiya tuzishga kelishib oldi. Asosiy yo‘nalishlar sifatida axborot texnologiyalari, agrosanoat kompleksi, energetika, transport va logistika belgilandi.
Yangi kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda biznes va investorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
