Toshkent shahar maxsus komissiyasi aholini bugun nam havo massalari kirib kelishidan oldin qisqa muddatli chang bo‘ronlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. “O‘zgidromet” va Jahon meteorologiya tashkilotining qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha Pekin mintaqaviy markazi prognozlariga ko‘ra, shaharda o‘zgaruvchan bulutlilik kuzatiladi, kunning ikkinchi yarmida esa ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol tezligi 3–8 m/s ni tashkil etadi, biroq ayrim hududlarda uning kuchi 12–15 m/s gacha oshishi mumkin. Shamol kuchayganda mahalliy chang bo‘ronlari yuzaga kelishi ehtimoli bor, bu esa havodagi chang, ayniqsa PM10 zarralari miqdorining vaqtincha oshishiga olib keladi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, havo sifati yomonlashuvi qisqa muddatli bo‘ladi. Yomg‘irdan so‘ng kunning ikkinchi yarmida chang miqdori asta-sekin kamayishi va atmosfera havosi sifati yaxshilanishi kutilmoqda.
Shu sababli nafas olish tizimi kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan insonlarga kuchli shamol vaqtida imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik, derazalarni yopiq tutish va zarurat bo‘lsa himoya niqoblaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Maxsus komissiya, shuningdek, poytaxtda atmosfera havosi sifati holati doimiy nazorat ostida ekanini qayd etdi.
