Toshkentning Bektemir tumanida sud jamoat transportida nomaqbul xatti-harakatlar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqib, Toshkent viloyatidan bo‘lgan ishsiz erkakka 15 sutka ma’muriy qamoq va jarima jazosi tayinladi.
Ish materiallariga ko‘ra, mast holatdagi, avval ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan erkak avtobus yo‘lovchisiga tegajog‘lik qilgan: u qizning qo‘lidan ushlagan va keyinchalik jinsiy a’zolarini ko‘rsatgan holda nomaqbul harakat sodir etgan.
Voqea ortidan qiz qichqirgan, shundan so‘ng erkak qochishga uringan, biroq haydovchi avtobus eshiklarini qulflagan. Avtobus ichida qolgan erkak tartibsizlik chiqarib, haqoratli so‘zlar ishlatgan va transport eshiklariga zarar yetkazgan. Hodisa joyiga yetib kelgan IIB xodimlari uni ushlash vaqtida qarshilikka duch kelishgan.
Sudda ayblanuvchi o‘z aybini tan olib, kuchli alkogol mastligi sababli voqeani eslay olmasligini bildirgan.
Sud uni Jinoyat kodeksining 41-1 (jinsiy bezorilik), 183 (mayda bezorilik) va 194 (huquqni muhofaza qiluvchi organlar talablariga bo‘ysunmaslik) moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq, 5 BHM (2 060 000 so‘m) miqdorida jarima hamda qamoqda saqlash xarajatlari (933 ming so‘m) undirish jazosi tayinlandi.

