Toshkentdagi “Chinor” metro bekati keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari sabab 50 kunga yopiladi. Bu haqda Toshkent metropoliteni ma’muriyati ma’lum qildi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, vaqtinchalik yopilish bekatni modernizatsiya qilish, uning qulayligi va yo‘lovchi o‘tkazish imkoniyatini oshirishga qaratilgan ishlar bilan bog‘liq. Loyiha doirasida kirish va chiqish zonalari kengaytirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu “pik soat”larda yo‘lovchilar to‘planishini kamaytirishga yordam beradi.
Shuningdek, bekatda katta sig‘imli 4 ta zamonaviy lift o‘rnatiladi. Ular keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolali ota-onalar va harakatlanishda qo‘shimcha qulaylikka muhtoj yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, yo‘lovchilar oqimini tezlashtirish va navbatlarni kamaytirish maqsadida 12 ta qo‘shimcha turniket o‘rnatilishi ham rejalashtirilgan.
Bekat yopilgan davrda transport aloqasini ta’minlash uchun “Chinor” va “Yangihaёт” bekatlari o‘rtasida maxsus metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ular belgilangan jadval asosida qatnaydi va yo‘lovchilarni uzluksiz tashishni ta’minlaydi.
“Chinor” bekatining yopilishi 13-iyundan boshlanadi va 50 kun davom etadi. Rasmiylar yo‘lovchilardan o‘z yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni so‘rashmoqda.
