O‘tgan yilgi Hukumat qaroriga ko‘ra, har yilning 1-mayidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari 10 foizdan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilinishi belgilangan edi.
“Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, I va II guruh iste’molchilari uchun 1 kVt·soat elektr energiyasi narxi 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham 1 kVt·soat narxi 1 100 so‘mni tashkil etadi.
III guruh, jumladan aholi uchun esa differensial tariflar saqlanib qolgan.
Xususan, ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarda markazlashgan elektr plitalari bilan ta’minlangan aholi uchun:
— oyiga 200 kVt·soatgacha — 325 so‘m;
— 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha — 450 so‘m;
— 501 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 550 so‘m.
Boshqa maishiy iste’molchilar uchun:
— oyiga 200 kVt·soatgacha — 650 so‘m;
— 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha — 900 so‘m;
— 501 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 1 100 so‘m.
Belgilangan me’yorlardan ortiq iste’mol uchun oshiruvchi koeffitsiyentlar saqlanib qoladi.
Tabiiy gazning 1 kubometri narxi (ayrim toifalardan tashqari) 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun tarif 1 kubometr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham differensial tartibda saqlanadi: isitish mavsumida oyiga 500 kubometrgacha, boshqa mavsumlarda esa oyiga 100 kubometrgacha iste’mol uchun 1 100 so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, qaror bilan energiya resurslarini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.



