O‘zbekiston Prezidenti pensiyalar, nafaqalar, ish haqlari va stipendiyalarni oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
O‘zgarishlarning birinchi bosqichi 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi va pensiya hamda ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirishni nazarda tutadi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 504 ming so‘m etib belgilanadi.
Iyul oyidan boshlab yoshga doir eng kam pensiya 983 ming so‘mga, nogironlik bo‘yicha eng kam nafaqa esa 1 million 83 ming so‘mga yetkaziladi.
Shuningdek, kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqalari miqdori ham qayta ko‘rib chiqiladi. Uch yoshgacha bo‘lgan birinchi bola uchun nafaqa 386 ming so‘mni, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 295 ming so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, ikkinchi bola uchun 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir bola uchun 118 ming so‘mdan qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
Zarur mehnat stajiga ega bo‘lmagan keksalar, doimiy parvarishga muhtoj shaxslar hamda boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha bazaviy nafaqa 878 ming so‘m etib belgilanadi. Urush qatnashchilari va nogironlari uchun to‘lovlar miqdori 4 million 775 ming so‘mni tashkil qiladi.
Oshirishning ikkinchi bosqichi 2026-yil 1-sentabrdan boshlanadi. Shu sanadan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari va talabalar stipendiyalari 7 foizga oshiriladi.
Bundan tashqari, mamlakatda eng kam ish haqi 1 million 360 ming so‘mga yetkaziladi. Jarimalar va davlat bojlari hisob-kitobida qo‘llaniladigan bazaviy hisoblash miqdori (BHM) esa 440 ming so‘mni tashkil etadi.

