O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2–3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan Gruziyaga boradi.
Tashrif doirasida Tbilisi shahrida O‘zbekiston Prezidenti Gruziya Prezidenti Mixeil Kavelashvili hamda Bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuvlarning asosiy mavzusi O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘ladi.
Tomonlar siyosiy muloqotni rivojlantirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlash, shuningdek savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.
Muzokaralarda sanoat, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va IT sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston mahsulotlari eksporti geografiyasini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.
Davlat tashrifi yakunida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi keng qamrovli ikki tomonlama hujjatlar paketi imzolanishi kutilmoqda.

