Prezident Shavkat Mirziyoyevga pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Islohotning asosiy maqsadi kelajakdagi pensiyalar miqdorini oshirish hamda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirishdan iborat.
Takliflarga ko‘ra, pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi, past daromadli davrlar esa hisob-kitobdan chiqariladi. Shuningdek, 2027-yildan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan maksimal ish haqi 6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini kengaytirish taklif etilmoqda. Oylik maoshi 7,6 mln so‘mgacha bo‘lgan fuqarolar ish haqining 5 foizini jamg‘arib boriladigan pensiya hisobiga yo‘naltirsa, davlat qo‘shimcha ravishda 2,5 foiz mablag‘ ajratadi. Maoshi 7,6 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa to‘langan ijtimoiy soliqning 1 foizini shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobiga o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tartib kuchga kirgach, pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiyasi o‘rtacha 8 foizga oshishi mumkin.
Prezident islohotni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish, xalqaro tajribani o‘rganish va tegishli qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.


