O‘zbekistonda talabalarga oliy ta’lim diplomini atigi uch yil ichida olish imkonini beradigan yangi ta’lim tizimi joriy etilmoqda. Gap ta’limning turli bosqichlari o‘rtasida uzviy bog‘liqlikka asoslangan yangi model haqida ketmoqda.
Yangi tizim qanday ishlaydi? 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilar yana ikki yil maktab, litsey yoki texnikumda tahsil oladi, shundan so‘ng esa hamkor oliygohda uch yil o‘qiydi. E’tiborlisi, ayrim holatlarda bitiruvchilar xorijiy diplom olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar.
Yangiliklar texnikum bitiruvchilariga ham taalluqli bo‘ladi. Ular universitetlarga qisqartirilgan dastur asosida o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bundan tashqari, xorijiy oliygohlarga shartli ravishda qabul qilingan talabalarni O‘zbekistonda ta’limning bir qismini tamomlaganidan so‘ng chet eldagi universitetlarga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Yangi tizim talabalar uchun ta’lim yo‘lini yanada moslashuvchan va qulay qilishga qaratilgan.

